weather

Oʻzbekiston xalq artisti, “Sanʼat maʼno” studiyasi direktori Poʻlat Saidqosimov olamdan oʻtdi.

Oʻzbekiston xalq artisti, “Sanʼat maʼno” studiyasi direktori Poʻlat Saidqosimov olamdan oʻtdi.

Oʻzbek teatr va kino sanʼatining taniqli namoyandasi, Oʻzbekiston xalq artisti Poʻlat Saidqosimov qisqa muddatli kasallikdan soʻng vafot etdi. 

Poʻlat Saidqosimov 1931 yil 8 oktyabrda Toshkent shahrida tavallud topgan. Oʻrta maktabni tugallagandan soʻngToshkent davlat teatr va rassomlik (hozirgi sanʼat va madaniyat) institutiga oʻqishga kirib, 1954 yili drama aktyori mutaxassisligi boʻyicha tugatgan. Oʻqishni tamomlagandan soʻng Samarqand viloyati Hamid Olimjon nomidagi musiqiy-drama teatrida aktyor sifatida mehnat faoliyatini boshlaydi. 1957 yili Hamza nomidagi Oʻzbek davlat drama teatri (hozirgi Oʻzbek milliy drama teatri)ga ishga oʻtib, 2005 yilgacha ushbu dargohda ijod qildi. 

Poʻlat Saidqosimov sahnada Poʻlat (O. Yoqubov, “Yurak yonmogʻi kerak”), Abdullatif(M.Shayxzoda, “Mirzo Ulugʻbek”), Ilyos (Ch. Aytmatov, “Sarvqomat dilbarim”), Edgar (U. Shekspir, “Qirol Lir”), Karimjon (A.Qahhor, “Ayajonlarim”), Salimboyvachcha (Oybek, “Qutlugʻ qon”), Avrangzeb (Uygʻun, “Zebunniso”), Sobirov (I. Sulton, “Imon”), Saʼdiyev (O. Abdullin, “Un uchinchi rais”), Zargarov (A. Muxtor, “Sahro tor”), Bobo (U. Azim, “Bir kadam yoʻl”) kabi rollarni mahorat bilan ijro etib, yetuk mahorati, koʻp qirrali isteʼdodi,barkamol sahna nutqi bilan milliy teatr tarixida yorqin iz qoldirdi. 

Shuhrat Abbosovning 1971 yil suratga olingan “Muhabbat mojarosi” filmida Mahkam obrazini ijro etgan Poʻlat Saidqosimov“Abu Rayhon Beruniy”, “Olovli yoʻllar”, “Ilondan saqlan”, “Tong otguncha”, Mustaqillik yillarida“Sevgi orzusida”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Afyun girdobi”, “Yoqut koʻzli tulpor”, “Ilon”, “Qotil”, “Qonli olishuv”, “Shaytanat”, “Kichkina odamlar”, “Tashlandiq”, “Ota uy” “Tutash taqdirlar” kabi badiiy va koʻp seriyali videofilmlarda suratga tushib, Beruniy, Zavqiy, Kolxoz raisi, Ota, militsiya xodimi, Mahalla raisi singari bir-biriga oʻxshamas obrazlarni yaratdi. 

P.Saidqosimov 2009 yilda rejissyor R.Muhammadjonovning “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida suratga olingan “Chol va nabira” badiiy filmida bosh qahramon - Chol obrazini katta mahorat bilan ijro etib,tomoshabinlar va kinoshunos mutaxassislarning eʼtirofiga sazovor boʻldi.

 Poʻlat Saidqosimov umrining soʻnggi kunlarigacha faol ijodiy jarayonda boʻldi.

“Sanʼat-maʼno” studiyasi direktori sifatida qator kinofilmlarni suratga olish ishlariga munosib hissa qoʻshdi. 

Poʻlat Saidqosimov 1979 yilda Oʻzbekiston Xalq artisti, 2001 yilda “El-yurt hurmati” ordeni kabi yuksak unvon va ordenlar bilan taqdirlangan. 

Ajoyib inson, mahoratli aktyor, gʻamxoʻr ustoz va benazir doʻst Poʻlat Saidqosimovning porloq xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.